Tadbirkorlik subyektlariga murojaatnoma

images.jpgOʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 apreldagi “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5409-sonli Farmoniga muvofiq, tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 2018 yil 1 iyundan turizm faoliyatini amalga oshirish boʻyicha litsenziyalarni berish Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasidan uning hududiy boʻlinmalariga oʻtkazilgan.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari tomonidan turizm faoliyatini amalga oshirish boʻyicha litsenziya berish amaliyoti yangidan yoʻlga qoʻyilayotganligi sababli hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini buzilishini oldini olish maqsadida Qoʻmita tomonidan hududiy boʻlinmalarning litsenziya berish faoliyatini muvofiqlashtirish
va takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.

Shu munosabat bilan, Sizdan turizm faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalarni olishda muammoli holatlar (litsenziyani koʻrib chiqish va berish muddatlari buzilishi, hujjatlarni asossiz qaytarish, qonunchilikda nazarda tutilmagan qoʻshimcha hujjatlarni taqdim etishni talab qilish va h.k.) yuzaga kelganda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining qo'ng'iroqlar qabul qilish markaziga (+99871 200-00-88) yoki Litsenziyalash, sertifikatlash va turizm sohasida subyektlarning reyestrini yuritish boshqarmasiga (+99871 233-12-74) murojaat qilishingizni soʻraymiz.

Shuningdek, zarurat tugʻilganda yuqoridagi holatlar yuzasidan turizm faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olish uchun berilgan ariza nusxasini Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga taqdim etish tavsiya etiladi va ariza oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilib, belgilangan muddatlarda (10 ish kuni) qaror qabul qilinishi kafolatlanadi.

 

Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi matbuot xizmati